“Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining tashabbusi bilan “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda soha mutaxassislari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Matbuot anjumanida O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari haqida so‘z bordi.

Xususan, mazkur qaror 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida qabul qilingan. Unga muvofiq, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati negizida uchta aksiyadorlik jamiyati – “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” tashkil etildi. Bu o‘zgarishlar mamlakatimizda elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotishni tashkil etishning zamonaviy uslublariga o‘tishning muhim omillaridan biri bo‘ldi.

Matbuot anjumanida soha mutaxassislari tomonidan qarorning mazmun-mohiyati, uning maqsadi hamda vazifalari, viloyatda aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash ishlarini yanada yaxshilash uchun olib borilayotgan ishlar hamda bu borada “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ va uning joylardagi idoralari oldida turgan vazifalar haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, korxonada yangi tashkil etilgan Axborot xizmati faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha OAV vakillari va jurnalistlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish borasida memorandum imzolandi.